“Ijtimoiy ish” oyligi doirasida faoliyat yuritayotgan eng faol 28 nafar ijtimoiy xodimlar uchun tashkil etilgan 3 kunlik trening o‘z yakuniga yetdi.
Treningning yakuniy kuni mazmunan boy va ilhomlantiruvchi uchrashuvlarga boy bo‘ldi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining maslahatchisi Obiddin Mahmudov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili nufuzini yuksaltirish hamda xizmat faoliyatida til madaniyatiga qat’iy rioya etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zakirova bilan o‘tkazilgan uchrashuv ishtirokchilar uchun katta ma’naviy ahamiyat kasb etib, ularning dunyoqarashini boyitish va kasbiy faoliyatga bo‘lgan ilhomini yanada oshirishga xizmat qildi.
Bundan tashqari, psixolog Zilola To‘laganova ishtirokida tashkil etilgan amaliy sessiyalar davomida ishtirokchilarning ruhiy barqarorligini mustahkamlash hamda kasbiy faoliyatda yuzaga keladigan murakkab vaziyatlarda samarali qaror qabul qilish ko‘nikmalari yanada rivojlantirildi.
Mazkur trening ishtirokchilar uchun nafaqat tajriba almashish, balki yangi g‘oyalar va ilhom manbai bo‘lib xizmat qildi.


