“Inson” markazlari direktorlari ijtimoiy muassasalar faoliyati bilan tanishdilar
Malaka oshirish kursi davomida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining yangi tayinlangan direktorlari nazariy bilimlarni amaliyot bilan boyitib, ijtimoiy himoya tizimining muassasalariga tashrif buyurdilar — “Ona uyi” resurs markazi hamda “G‘amxo‘rlik markazi” faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
“Ona uyi” resurs markazi — og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan, farzandidan voz kechish xavfi ostidagi onalar uchun tayanch maskan. Bu yerda onalarga:
- psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi;
- huquqiy hamda tibbiy maslahatlar beriladi;
- onalik ko‘nikmalari o‘rgatiladi;
- kasb-hunar egallash va mustaqil hayotga qadam qo‘yishda ko‘maklashiladi.
Markazning bosh maqsadi — bolaning o‘z oilasida, ona mehri ostida o‘sishini ta’minlash va ijtimoiy yetimlikning oldini olishdir.
“G‘amxo‘rlik markazi” — ruhiy va jismoniy salomatligi sababli doimiy parvarish hamda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun davlat tibbiy-ijtimoiy muassasasi. Bugungi kunda bu markazlarda parvarish tizimi tubdan yangilanmoqda:
- sport va ijodiy mashg‘ulotlar;
- ergoterapiya va mehnat terapiyasi;
- ijtimoiy-ma’naviy reabilitatsiya;
- murabbiy kuzatuvida mustaqil hayotga tayyorlash xizmatlari joriy etilmoqda.
Ishtirokchilar har ikki muassasada yaratilgan shart-sharoitlar, parvarish va reabilitatsiya jarayonlari, ona va bola bilan ishlashning zamonaviy yondashuvlari hamda xodimlarning fidoyi mehnati bilan yaqindan tanishib, o‘z markazlari faoliyatiga tatbiq etsa bo‘ladigan amaliy tajriba orttirdilar.


