Toshkent viloyatida gender zo‘ravonlik mavzusida navbatdagi trening boshlandi
📅2025-yil 5-avgust kuni Toshkent viloyatida “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar bilan ishlash” mavzusida o‘quv treningi boshlandi. Ushbu trening Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi tomonidan UNFPA bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, 8-avgustga qadar davom etadi.
🖋Trening O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-175-sonli qarori mazmun-mohiyatini tushuntirish va jabrlanuvchilarga ko‘rsatiladigan kompleks xizmatlarni takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, unda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar uyg‘unligida tashkil etilgan darslar olib borilmoqda.
Trening davomida ishtirokchilar quyidagi yo‘nalishlarda nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘lishdi:
😮gender rollari va stereotiplar, zo‘ravonlik tushunchasi;
😮jabrlanuvchilarni aniqlash, ularning ehtiyojlariga mos xizmatlar ko‘rsatish;
😮zo‘ravonlik xavfini baholash, kompleks reabilitatsiya va inqiroz xizmatlari;
Ushbu trening Toshkent shahrida 30-iyul – 1-avgust kunlari o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlarining mantiqiy davomi hisoblanadi. Avvalgi bosqichda poytaxtning 12 tumanida gender zo‘ravonlik, xavf baholash, huquqiy asoslar va amaliy yondashuvlar bo‘yicha chuqur bilimlar berilgan edi.
Treninglarning asosiy maqsadi – ijtimoiy himoya sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ko‘mak ko‘rsatish jarayonini yanada takomillashtirishdan iborat.