“Ijtimoiy himoya va ijtimoiy to‘lovlar” mavzusidagi o‘quv-trening boshlandi.
17–21-noyabr kunlari Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazida hududiy boshqarmalarning to‘lovlar bo‘limi mutaxassislari uchun navbatdagi o‘quv-trening boshlandi. Dastur xodimlarning ijtimoiy nafaqalar va to‘lovlar tizimidagi amaldagi islohotlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan.
Trening 5 kun davom etadi va ishtirokchilarga ijtimoiy to‘lovlarni tayinlash tartibi, kambag‘allik reestri bilan ishlash, nafaqalarni monitoring qilish, murojaatlar bilan ishlash hamda aholi bilan samarali muloqot qilish bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilim beriladi.
Mashg‘ulotlar nazariy ma’ruzalar, amaliy topshiriqlar, situatsion holatlar tahlili va fikr almashish shaklida o‘tkaziladi. Trening jarayonlarini Ijtimoiy himoya agentligi mutaxassislari va tajribali trenerlar olib boradi.
Dastur davomida ishtirokchilar tizimning turli bosqichlari bilan yaqindan tanishib, real misollar asosida uchraydigan muammolarni hal qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantiradilar.

