“Inson” markazlari direktorlari uchun yangi o‘quv-trening start oldi!
10–21-noyabr kunlari Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari direktorlari uchun o‘quv-trening boshlandi. Mazkur dastur rahbarlarni ijtimoiy himoya tizimidagi yangicha islohotlarga tayyorlash, ularning boshqaruv va kommunikatsiya salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Trening 12 kun davom etadi va unda ishtirokchilar ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish samaradorligini oshirish, xizmatlarni integratsiyalash, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda inson omiliga yo‘naltirilgan yondashuvlar haqida yangi bilimlarga ega bo‘lishadi.
Mashg‘ulotlar, nazariy darslar, amaliy mashqlar va tajriba almashish shaklida o‘tmoqda. Trening jarayonlari Ijtimoiy himoya agentligi mutaxassislari va markazning malakali trenerlari tomonidan olib borilmoqda.
Dastur doirasida ishtirokchilar Toshkent shahridagi bir qator ijtimoiy xizmat muassasalarida - “Ona uyi” resurs markazi, “Saxovat ko‘mak” jamg‘armasi hamda inklyuziv ta’lim maskanlarida bo‘lib, joylardagi ilg‘or tajribalar bilan tanishishadi.
Trening yakunida qatnashchilar yakuniy testdan o‘tib, malaka oshirish bo‘yicha sertifikat bilan taqdirlanadilar. Ushbu o‘quv dastur “Inson” markazlari direktorlarini sohada kechayotgan o‘zgarishlarga faol moslashish, ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.


