2026-07-22
Tafsilotlar
Farzand baxti yo‘lida uzluksiz ta’lim
Har bir bolaning baxtli kelajagi mehribon va mas’uliyatli oiladan boshlanadi. Shu maqsadda Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi tomonidan "Farzandlikka oluvchilar va tutingan ota-onalarni tayyorlash" o‘quv kurslari Respublika bo‘ylab uzluksiz ravishda gibrid formatda tashkil etib kelinmoqda.
Mashg‘ulotlar zamonaviy onlayn ta’lim imkoniyatlari hamda hududlarda tashkil etilayotgan oflayn amaliy darslar uyg‘unligida o‘tkazilib, nomzodlarga yashash joyidan qat’i nazar sifatli bilim olish imkonini yaratmoqda.
Kurs davomida tinglovchilar:
- bolaning huquqlari va rivojlanish ehtiyojlari;
- ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning psixologik xususiyatlari;
- travma va yo‘qotishlarni boshdan kechirgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash;
- tutingan oilaga moslashuv jarayonlari;
- ijobiy tarbiya usullari va sog‘lom oilaviy munosabatlarni shakllantirish;
- bolaga xavfsiz, mehrli va barqaror oilaviy muhit yaratish bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlarga ega bo‘ladilar.
Bugungi kunga qadar mazkur kurslarni 6 400 nafardan ortiq nomzod muvaffaqiyatli tamomlab, tegishli sertifikatga ega bo‘ldi.
Bugun ushbu o‘quv kurslari Toshkent shahrida ham, respublikaning barcha hududlarida ham muntazam davom etmoqda. Har bir yangi guruh – bu bolalar uchun yanada ko‘proq mehr, ishonch va xavfsiz oilaviy muhit sari tashlangan yana bir muhim qadamdir.
💚 Har bir bola mehrga, e’tiborga va baxtli oilaga loyiq!