2026-10-10
4 marta o'qilgan
Latviya tajribasi: ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish yo‘lida
5–9-oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimi xodimlari Latviyaning Riga shahrida amaliy o‘quv dasturi va tajriba almashish tashrifida ishtirok etdilar. Mazkur dastur Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Latviya ijtimoiy xodimlar assotsiatsiyasi (Latvian Social Workers Association) hamkorligida tashkil etildi.
Dasturdan asosiy maqsad — ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, Latviyaning ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tajribasini o‘rganish hamda samarali ish usullarini O‘zbekiston amaliyotiga tatbiq etish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida markaziy apparatning bosh mutaxassisi, hududiy boshqarmalar va tuman-shaharlarda faoliyat yurituvchi bosh ijtimoiy xodimlar, supervayzerlar hamda ijtimoiy xodimlar ishtirok etdilar. Bu esa dastur davomida olingan bilim va tajribalarni ijtimoiy himoya tizimining turli darajalarida qo‘llash uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Bir hafta davomida ishtirokchilar quyidagi yo‘nalishlarda nazariy bilim va amaliy tajribaga ega bo‘ldilar:
✅ Ijtimoiy ishni tashkil etish va boshqarish — munitsipal darajada ijtimoiy ishning vazifalari va uni tashkil etish;
✅ Keys-menejment amaliyoti — ehtiyojlarni baholashdan intervensiyagacha bo‘lgan jarayonlar, oilaviy vaziyatlarni tahlil qilish va keyslarni muhokama qilish;
✅ Oila va bolalar bilan ijtimoiy ishlash — oilalarni qo‘llab-quvvatlash, bolalarni himoya qilish, murakkab ijtimoiy vaziyatlarda ishlash va idoralararo hamkorlik;
✅ Yoshlar bilan ishlash — xulq-atvor bilan bog‘liq muammolar, oilaviy parvarishdan tashqarida bo‘lgan yoshlar bilan ishlash va yoshlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish masalalari;
✅ Zo‘ravonlik va ruhiy salomatlik — zo‘ravonlikning erta belgilarini aniqlash, ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarni tushunish;
✅ Ijtimoiy xizmatlarda kasbiy etika va hamkorlik — maxfiylik tamoyillari, kasbiy mas’uliyat, mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlik va tajriba almashish.
Dastur doirasida Latviyadagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi muassasalar faoliyati bilan bevosita tanishishga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar Riga shahrining ijtimoiy xizmatlar tizimi, oilalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari faoliyatini o‘rgandilar. Mutaxassislar bilan muloqotlar davomida xizmatlarni tashkil etish mexanizmlari, murojaatlar bilan ishlash, individual holatlarni tahlil qilish va fuqarolarning ehtiyojlariga mos yordam ko‘rsatish amaliyoti muhokama qilindi.