Inklyuzivlik paneli

100%
A- A+

Litva tajribasi: xalqaro o‘quv dasturi yakunlandi

2026-10-26

9 marta o'qilgan


Litva tajribasi: xalqaro o‘quv dasturi yakunlandi

19–23-oktabr kunlari Litvaning Vilnyus shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimi xodimlari uchun tashkil etilgan xalqaro o‘quv dasturi o‘z yakuniga yetdi.

Jahon bankining INSON loyihasi doirasida Litva ijtimoiy xodimlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan besh kunlik dasturda 19 nafar Agentlik tizimi xodimi ishtirok etdi. Ishtirokchilarning asosiy qismini “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari direktorlari va direktor o‘rinbosarlari tashkil etdi.

Dastur davomida ishtirokchilar Litvada ijtimoiy xizmatlarni munitsipal darajada tashkil etish va boshqarish, oilalar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash, idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda jamoaga asoslangan ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha tajriba bilan tanishdilar.

Vilnyus, Panevėžys va Širvintos hududlarida tashkil etilgan o‘quv tashriflari ishtirokchilarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar faoliyatini bevosita kuzatish, amaliy yondashuvlarni o‘rganish va Litva tajribasini O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilish imkonini berdi.

O‘quv dasturi yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Mazkur dastur xalqaro tajriba almashish, mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish va O‘zbekistonda aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

  • news image 1
  • news image 2
  • news image 3