2026-09-09
2 marta o'qilgan
“O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish”
Bugun Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazida “O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish” mavzusidagi 4 kunlik malaka oshirish treningi davom etmoqda.
Treningda Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo, Toshkent, Samarqand, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahridagi Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlaridan 14 nafar psixolog va ijtimoiy xodim ishtirok etmoqda.
Treningning asosiy maqsadi - mutaxassislarning kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlash, xizmat oluvchilarning ehtiyojlarini to‘g‘ri baholash va ularga zamonaviy, samarali hamda insonparvar yondashuv asosida xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalarini rivojlantirishdir.
32 soatlik dastur davomida ishtirokchilar:
- xizmat oluvchilarning huquq va qonuniy manfaatlari;
- samarali va empatik muloqot;
- qarshilik va norozilik bilan ishlash;
- keys-menejment va individual parvarish rejasini tuzish;
- ehtiyojlarni baholash va xavflarni aniqlash;
- psixologik qo‘llab-quvvatlash;
- stressni boshqarish va refleksiv superviziya kabi muhim yo‘nalishlarni o‘rganadilar.
Trening - bu yangi bilim olish bilan birga, tajriba almashish, amaliy yondashuvlarni muhokama qilish va hamkasblardan yangi g‘oyalar olish uchun muhim imkoniyatdir.