2026-10-23
20 marta o'qilgan
“ONA” jamoat fondi xodimlari uchun o‘quv kursi
19–23-oktabr kunlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazida “ONA” jamoat fondi xodimlari uchun “Ijtimoiy xizmatlar va keys-menejment asoslari” mavzusida malaka oshirish o‘quv kursi tashkil etildi.
Kursning asosiy e’tibori “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyatini o‘rganishga qaratildi. Ishtirokchilar markazlarning tashkiliy tuzilmasi, asosiy vazifalari, sho‘balar faoliyati va aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar bilan yaqindan tanishdilar.
O‘quv dasturi doirasida quyidagi yo‘nalishlar qamrab olindi:
- ijtimoiy himoya tizimi va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tartiblari;
- bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash;
- ijtimoiy ehtiyojlarni baholash va individual yordam rejalarini ishlab chiqish;
- keys-menejment, superviziya va idoralararo hamkorlik;
- elektron keys-menejment tizimida ishlash va xizmatlar natijalarini monitoring qilish.
Nazariy mashg‘ulotlar amaliy mashg‘ulotlar va o‘quv tashriflari bilan uyg‘unlashtirildi. Ishtirokchilar Nurafshon shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda boshqa ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalari faoliyati bilan tanishib, xizmatlarni tashkil etish tajribasini bevosita o‘rgandilar.
Kurs yakunida ishtirokchilarning ijtimoiy himoya tizimi, “Inson” markazlari faoliyati va keys-menejment asosida ishlash bo‘yicha bilimlarini kengaytirish, shuningdek, aholining ehtiyojlariga mos ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish borasidagi amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.