2026-08-06
Tafsilotlar
Zamonaviy ijtimoiy xizmatlar tajribasi bilan yaqindan tanishuv
Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi tomonidan tashkil etilgan 10 kunlik trening doirasida "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari direktorlari amaliy bilim va tajriba orttirmoqda. Treningning amaliy qismi doirasida ular Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi qator ijtimoiy muassasalarga tashrif buyurib, zamonaviy ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish va boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishdi.
“G‘amxo‘rlik markazi”. Direktorlar doimiy parvarish va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘rsatilayotgan zamonaviy tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bilan tanishdilar. Tashrif davomida markazda joriy etilayotgan yangi yondashuvlar, jumladan sport va ijodiy mashg‘ulotlar, ergoterapiya va mehnat terapiyasi, ijtimoiy-ma’naviy reabilitatsiya xizmatlarini tashkil etish tajribasi o‘rganildi.
Nurafshon shahridagi Ijtimoiy himoya majmuasi. Tashrif davomida majmuaning ish faoliyati, idoralararo hamkorlik mexanizmlari hamda fuqarolarga kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi o‘rganildi. Direktorlar bunday modelning hududlarda ijtimoiy xizmatlar samaradorligini oshirishdagi ahamiyati bilan yaqindan tanishdilar.
"Yangi kun" yangi xizmat. Ishtirokchilar kunduzgi qarab turish xizmatining tashkil etilishi, oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun yaratilgan rivojlantiruvchi muhit bilan tanishdilar. Ushbu xizmatning oilaga yo‘naltirilgan yondashuvi direktorlar uchun muhim amaliy tajriba bo‘ldi.
Kichik hajmli bolalar uyi. Tashrif davomida direktorlar oilaviy muhitga yaqin sharoitda bolalarni parvarishlash modeli, har bir bolaga individual yondashuvni yo‘lga qo‘yish hamda muassasa faoliyatini tashkil etish tajribasini o‘rgandilar.
"International Inclusive Hub". Direktorlar imkoniyati cheklangan yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash, ularning mustaqil hayotga moslashuvi va jamiyatga integratsiyasini ta'minlash bo‘yicha inklyuziv ta'limning amaliy yondashuvlari bilan tanishdilar.
Aynan amaliyotda olingan bilim va kuzatuvlar kelgusida hududlarda samarali faoliyat yuritish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.